Yiringli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikrobga qarshi yangi usul yaratilmoqda
4-iyul kuni Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutida 3-kurs tayanch doktoranti Murodova Ijobatxon Abdulbosi qizi tomonidan 03.00.04 – Mikrobiologiya va virusologiya ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan ilmiy dissertatsiyaning laboratoriyalararo muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Dissertatsiya mavzusi:
“Staphylococcus aureus ning metisillinga chidamli mahalliy shtammlarining fenotipik va genetik xususiyatlarini o‘rganish”
Tadqiqot antibiotiklarga chidamli mikroorganizmlarni, xususan yiringli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi Staphylococcus aureus bakteriyasining mahalliy shtammlarini o‘rganishga qaratilgan. Unda ushbu bakteriyaning fenotipik holati, genetik profili hamda dori vositalariga bardoshlilik darajasi aniqlangan. Olingan natijalar hozirgi va kelajakdagi klinik amaliyot uchun katta ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Muhokamada institut rahbariyati, laboratoriya mudirlari, tajribali mutaxassislar, doktorantlar va yosh izlanuvchilar ishtirok etib, tadqiqot natijalari yuzasidan ilmiy fikr va amaliy tavsiyalar bildirdilar.
Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti bu boradagi ilmiy izlanishlarni tizimli davom ettirgan holda, fundamental tadqiqotlar orqali sog‘liqni saqlash sohasi ehtiyojlariga javob beruvchi dolzarb ilmiy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.
Dissertatsiya muhokamasi institutda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar izchil rivojlanayotganidan, yosh tadqiqotchilarga ustozlik tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganidan dalolatdir.