Oʻzbekiston–Germaniya: dorivor oʻsimliklar boʻyicha ilmiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlari muhokama qilindi
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda Germaniyaning nufuzli Philipps-Universität Marburg professori oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar davomida Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududida oʻsuvchi noyob dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda oʻrganish, ularning kimyoviy tarkibini tahlil qilish hamda farmatsevtika sanoatida samarali qoʻllash masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlik doirasida quyidagi ustuvor yoʻnalishlar belgilandi:
Oʻzbekiston florasiga mansub dorivor oʻsimliklarning kimyoviy tarkibini Germaniya laboratoriyalarida chuqur tahlil qilish;
tabiiy manbalar asosida yuqori samaradorlikka ega yangi dori vositalari substansiyalarini yaratish;
ikki davlat olimlari ishtirokida qoʻshma ilmiy ekspeditsiyalar va tadqiqot loyihalarini tashkil etish;
soha mutaxassislari uchun tajriba almashinuvi va qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni yoʻlga qoʻyish.
Uchrashuv yakunida tomonlar dorivor oʻsimliklar asosida innovatsion farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar.